Bolalik, o'spirinlik
chog'larida dunyo, tevarak atrof, tabiat kishi ko'ziga yanayam
sirli-sinoatli tuyuladi, yam-yashil maysalaru lolazor qirlar zavqingni
toshiradi, uzoqdagi viqorli tog'lar tinmay o'ziga chorlaydi, oydin yoz
osmonida milt-milt etgan yulduzlar sirli jilmayib, xayolingni olib
qochadi. Shunday lahzalarda "zavqini qitiqlagan shirin tuyg'ularini"
ko'ksiga sig'dirolmagan o'n yetti yoshli o'smir hayratu hayajonini
she'riy misralarda izhor qilishga jazm etadi, tezroq voyaga yetib yurtga
munosib farzand bo'lishni, yulduzlardek porlashni orzu qiladi:
Ipak iz qoldirib uchar quvnoqlar. Bir-birin quvlashib, chaqishar chaqin. Osmon go'zallarin kumush yotoqlar Qo'yniga chorlaydi, subhidam yaqin. Deyman: osmonlarning bo'lsam, Hulkar va Zuhrosi bo'lgim keladi. Shu go'zal o'lkamda kamolga to'lsam, Porloq yulduzlarday kulgim keladi
Garchi yosh shoirning keyinroq yozilgan "Miltiraydi mitti yulduz" deb
nomlangan she'rida o'z to'dasidan ajralib qolgan, shamdek titrab, ko'k
gumbazining bir chetida "tanholikdan yosh to'kayotgan" osmon jismi
haqida so'z borsa ham oltmishinchi yillar o'rtalaridan boshlab she'r
olamida chaqnagan "mitti yulduz" to'g'risida gapira boshladilar. Yillar
o'tdi, u o'zbek she'riyatini yangi bosqichga olib chiqqan yorqin
yulduzga aylandi, shu'lasi yiroq-yiroqlarga taralib, butun turkiy
adabiyotning, Sharqning yirik siymolari qatoridan joy oldi, she'rlari
ko'plab G'arb tillariga tarjima qilindi. Nafosat olamida "Abdulla Oripov
she'riyati" degan tushuncha mustahkam qaror topdi.
Insoniyat
badiiy tafakkuri mo''jizalaridan biri bo'lgan she'riyat insonning olam
va borliqqa hissiy-emotsional munosabati hosilasidir. Insoniyatning
quvvai hofizasi zo'r shoirlari yaratgan she'riy durdonalar barcha
xalqlarning, barcha avlodlarning ma'naviy mulki bo'lib qoladi. Vaqt
o'tadi, davrlar yangilanadi, adabiyotga yangi avlodlar kirib keladi va
bu ma'naviy boylikka o'z hissasini qo'shishga chog'lanadilar.
Abdulla Oripov adabiyotda biryoqlamalik, ritorika, deklarativlik,
bayonchilik, "baxtli zamonaga" hamdu sano o'qish avj olgan, adabiyotning
ijtimoiy-estetik qimmati puturdan keta boshlagan bir davrda she'riyat
ostonasiga qadam qo'ydi.
Har bir shoir singari u ham
havaskorlik, izlanish bosqichini bosib o'tdi. Yulduzlar, tog'lar,
kapalak haqida yozdi. Ulardan she'r izladi. Biroq u o'qish-o'rganish
bosqichini tez bosib o'tdi, she'riyatning missiyasini, inson va jamiyat
hayotidagi o'rni va ahamiyatini juda erta angladi. 1962 yilda matbuot
yuzini ko'rgan "Kuz xayollari", 1964 yilda "Sharq yulduzi" jurnali
sahifalarida e'lon qilingan "Men nechun sevaman O'zbekistonni",
"Miltiraydi mitti yulduz", "Burgut" kabi she'rlar o'z ovozi va uslubiga
ega bo'lgan shoir shakllanayotganligidan darak berdi. Shoirning sobiq
ittifoqda stalincha zo'ravonlik sharpalari hali butkul daf bo'lmagan,
mustabid tuzum hukmronlik qilishda davom etayotgan, adabiyot esa "sots.
realizm" iskanjasi ostida ezilish holatida bo'lgan bir sharoitda
isyonkor ruh bilan sug'orilgan tug'yonli, lirik-falsafiy, teran
mushohadali, hayotni o'zicha ko'rgan chinakam milliy va xalqchil
she'rlari og'ir sukunatni titratib yuborgan momaqaldiroq yanglig'
yangradi.