Termodinamika
asoslari
Termodinamika so’zi ikkita yunon so’zidan tashkil
topgan: «terme» – «issiqlik» va «dinamik» – «kuch». Termodinamika issiqlik
mashinalari: bug’ qozonlari, ichki yonuv dvigatellari va b. da yuz beruvchi
protsesslar haqidagi, ya’ni issiqlikning mexanik harakatga, ishga aylanishi
haqidagi fan sifatida vujudga keldi. Hozirgacha uning bo’limlaridan biri shu
masalalarni (faqat u reaktiv dvigatellar nazariyasini ham, yadro reaktorlarini
va b. ko’plab narsalarni ham) o’rganadi.
O’z taraqqiyoti jarayonida termodinamika g’oyat
kengaydi va fundamental fizika fani xarakterini oldi. Hozirda amalda
materiyaning energiya ajratish yoki yutish, ish bajarish, moddaning ko’chishi
va sh. k. bilan bog’liq bo’lgan har qanday o’zgarish protsesslari uning tadqiqot
manbai hisoblanadi. Termodinamika kengayish va siqilish, isish va sovish, erish
va qotish, bug’lanish va kondensatsiya, ximiyaviy reaksiyalar, issiqlik
nurlanish va b. protsesslarni o’rganadi.
Bu barcha protsesslar bo’yicha u uchta asosiy savolga
javob beradi:
1) Berilgan sharoitlarda shu protsess yuz berishi
mumkinmi?
2) Agar protsess yuz berishi mumkin bo’lsa, u qaysi
yo’nalishda (albatta, bu holda ham berilgan sharoitlarda) sodir bo’ladi?
3) Protsess nima bilan tugaydi?
Bu oxirgi, endi vaqtga bog’liq bo’lmaydigan adolat
termodinamikada issiqlik muvozanati holati deb ataladi. Termodinamika bu
savollarga uning asosiy mazmunini tashkil etgan uchta qonun yordamida javob
beradi.
Termodinamikaning b i r i n ch i q o n u n i g a
ko’ra, har qanday jism U ichki energiyaga ega bo’lib, agar jism A
ishni bajarsa, bu energiya kamayishi, agar jismga Q issiqlik berilsa,
energiya ortishi mumkin:
Termodinamikaning birinchi qonuni – bu energiyaning
saqlanish qonuni. Undan, xususan, agar jismning ichki energiyasi doimiy
bo’lsa hamda issiqlik olmasa va bermasa , bu holda u ish bajara olmaydi: A = 0.
Binobarin, hech narsadan ish hosil qilib bo’lmaydi yoki ishni hech narsaga
aylantirib bo’lmaydi. Hech narsadan ish hosil qiluvchi qurilma yoki mashinaga
birinchi tur abadiy dvigatel deyiladi. Termodinamikaning birinchi qonuni
birinchi tur abadiy dvigatelni rad qiladi.
Bu qonunning o’rnatilishi asosan 1842 yillarda
birinchi bo’lib issiqlik va ishning bir-biriga aylanishi mumkinligi g’oyasiga
kelgan nemis vrachi Y. Mayerning, 1843 yilda birinchi bo’lib issiqlikning
mexanik ekvivalentini hisoblab topgan ingliz fizigi J. Joulning hamda 1847
yilda birinchi qonunni ta’riflagan va uning energiyaning saqlanish qonuni
sifatida umumiy ma’nosini anglagan nemis olimi G. Gelmgoltsning nomlari bilan
bog’liq .
Termodinamika i k k i n ch i q o n u n i ning
g’oyasi fransuz injeneri S. Karnoning nomi bilan bog’liq bo’lib, u 1824 yilda
Karno siklini – issiqlik mashinasidagi aylanma protsessni yaratdi. Bu sikl
natijasida jism ish bajarib, so’ngra shu ishning bir qismidan foydalangan holda
boshlang’ich holatga qaytadi. U birinchi bo’lib issiqlik qizigan jismdan
sovuqroq jismga uzatilgandagina foydali ish olish mumkinligini ko’rsatib berdi.
Karno g’oyalarini rivojlantira borib, ingliz fizigi U.
Tomson 1851 yilda ikkinchi qonunni ta’rifladi: «Tabiatda birdan-bir natijasi
issiqlik rezervuarining sovishi hisobiga olingan mexanik ishdan iborat
protsessning bo’lishi mumkin emas». Bu ta’rif issiqlik va ishning bir-biriga
aylanishlari teng qiymatli emasligini ko’rsatadi: ishni to’liq issiqlikka
aylantirish (ishqalanish yo’li bilan, elektr toki bilan qizdirish va b. usullar
bilan) mumkin bo’lgani holda issiqlikni to’liq ishga aylantirib bo’lmaydi.
Issiqlikni bir necha marta va to’liq ishga aylantiradigan mashinaga ikkinchi
tur abadiy dvigatel deyiladi. Ikkinchi qonun ikkinchi tur abadiy dvigatelni rad
etadi. U. Tomsondan mustaqil ravishda 1850 yilda nemis fizigi R. Klauzius
ikkinchi qonunning ta’rifini berdi: «Issiqlik sovuqrok jismdan issiqroq jismga
o’z-o’zicha o’tishi mumkin emas». Bu ta’rif real protsesslarning bir yoqlama
ekanligini ko’rsatadi.
Klauzius 1865 yilda o’z-o’zicha sodir bo’luvchi
protsesslarning yo’nalishi hakidagi masalani yangi funktsiya – entropiyani
kiritish bilan yechdi hamda uning eng muhim xususiyatini aniqlab berdi:
termoizolyatsiyalangan sistemalarda protsesslar o’z-o’zicha entropiyaning
oshishi yo’nalishida boradi; issiqlik muvozanati holatida entropiya maksimum
qiymatga erishadi. Bu funksiya sistemadagi tartibsizlik o’lchovidir; binobarin,
o’z-o’ziga o’tuvchi protsesslar tartibsizlikning ortishi tomoniga boradi.
|